Nogironligi bo‘lgan shaxslar, harbiylarning farzandlari va “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilarga qo’shimcha davlat grantlari ajratildi

Foto: daryo.uz

Xorijiy va nodavlat OTMda davlat granti asosida o‘qish uchun 1 200 ta kvota ajratildi (oldingi yillari 1000 ta edi) va o‘rinlar 23 ta oliygohga taqsimlandi.

Ushbu 1200 ta grant kvotasi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliygohlar va ularning filiallari hamda nodavlat oliygohlarga eng yuqori ball bilan o’qishga kirgan abituriyentlarga beriladi. ya’ni xususiy universitetda o’qiyotgan 1200 talabaning kontraktlari davlat tomonidan to’lab beriladi.

Shuningdek, respublika miqyosda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jami 3 ming 898 ta (o‘tgan yilgidan 95 taga ko‘p) davlat granti uchun kvota ajratildi.

Ta’lim shakllari kesimida:

  • kunduzgi — 2 560 ta;
  • sirtqi — 1 043 ta;
  • kechki — 183 ta;
  • masofaviy — 112 ta.

Ushbu imtiyozli kvotalar tanlangan beshta yo‘nalishga ham o‘tadi. Oddiy holatda imtiyozlar faqat birinchi yo‘nalishga taalluqli bo‘lar edi, ammo nogironligi bor shaxslar uchun istisno sifatida beshtasiga ham o‘tishi belgilangan.

Bundan tashqari, davlat qabul komissiyasining bayoni bilan harbiylarning farzandlari uchun qo‘shimcha 2 foizlik davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining tashkilotlar kesimidagi taqsimoti ham tasdiqlandi.

Mazkur imtiyozli kvota faqat birinchi yo‘nalish uchun amal qiladi. Ikkinchi va qolgan yo‘nalishlarga taalluqli emas.

Ushbu qo‘shimcha kvota faqat kunduzgi ta’lim uchun taalluqli. Agar 2 foizli tavsiyanoma olgan harbiyning farzandi birinchi yo‘nalishga sirtqi, kechki yoki masofaviyni tanlasa, unda imtiyozdan foydalana olmaydi. Albatta, birinchi yo‘nalishga kunduzgini tanlash kerak. Qolgan 2, 3, 4 va 5-yo‘nalishlarga xohlaganini tanlashi mumkin.

“Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, yigirma besh yoshgacha bo‘lgan vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (25 yoshga to‘lmagan) uchun qo‘shimcha bir foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining oliy ta’lim muassasalari va ta’lim shakllari kesimidagi taqsimoti jami: 1 949 ta qo‘shimcha kvota. Shundan:

  • kunduzgi – 1 280 ta;
  • sirtqi – 521 ta;
  • kechki – 92 ta;
  • masofaviy – 56 ta.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.