Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga bepul yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida konferensiya o’tkaziladi
2024-yilning 28-sentyabr kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi bilan hamkorlikda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusida gibrid formatda konferensiya oʻtkazdi.
Joriy yil holatiga ko‘ra, O’zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning umumiy soni 967 925 nafarni tashkil etdi va ushbu raqam oshib bormoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklari qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda aks ettirilgan. Oxirgi yillar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yaqinda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g’risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. 2021-yil 7-iyun esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) “Nogironlar huquqlari to‘g’risda”gi Konvensiya ratifikatsiya qilindi. Yangi qabul qilgan Konstitutsiyada mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi bor nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari alohida qayd etildi.
Lekin, ko‘pgina nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligi past darajada bo‘lib, ular qonunlarda kafolatlangan huquqlari haqida bexabar qolib ketishmoqda. Bunga sabab umumiy va huquqiy ta’lim olishdagi to‘siqlar va qonunlar qiyin yuridik tilda yozilgani bo‘lishi mumkin. Undan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar yuridik yordam va maslahat olishda to‘siqlarga uchrashyapti. Oqibatda huquqlar faqatgina qonunlarda aks ettirilib, amalda ularni ijrosini ta’minlashda bir qator muammolarga duch kelmoqda.
Ushbu muammolarga innovatsion va inklyuziv yechim sifatida 2023-yil 4-sentyabrdan boshlab Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi (nodavlat notijorat takshiloti) Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) Jamoatchilik Tashabbusi yordamida “HuquqPlus.uz – maxsus huquqiy axborot veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish” loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi tuzilib, universitet qoshida tashkil etilgan Yuridik klinika xodimlari va volontyorlari bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Loyihaning maqsadi – turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, ularning ota-onalari yoki vasiylari, nogironlar jamoat birlashmalari vakillari hamda aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish hamda ularning huquqlarini himoya qilish. Maxsus veb-portalda huquqiy ma’lumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘rt xil formatda taqdim etilyapti: oddiy matn, audio formati — ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun, video formati — eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun O‘zbek imo ishora tilida va oson matn — aqliy nogironligi bo‘lgan va o‘qishda qiynaladigan shaxslar uchun.
Bo‘lib o‘tgan konferensiyada nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga aloqador davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, nogironlar jamoat birlashmalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Konferensiya davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularga birlamchi va chuqur bepul yuridik yordam ko‘rsatish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tadbir so‘ngida ushbu sohani rivojlantirish, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish takliflarini bildirilib kelgusidagi rejalar aniqlashtirib olindi. Loyihaning faol xodimlari va volontyorlari taqdirlandi
Sharhlar