Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida Chirchiq daryosi oʻzanida tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan yer maydonini 2023-yilning may oyidan 2024-yilning yanvar oyiga qadar oʻzboshimchalik bilan egallab olib, hech qanday maxsus ruxsatnomalarga ega boʻlmasdan noqonuniy chiqindixona tashkil qilgan huquqbuzarga sud hukmi o‘qildi.
Ekologiya vazirligi davlat inspektorlari tomonidan Chirchiq daryosida navbatdagi reyd tadbirlari olib borilgan edi. Reyd davomida o‘rganish natijasida fuqaro M. D. daryo hududiga chiqindilar to‘kib, to‘g‘on hosil qilgani aniqlangan. Fuqaro bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, qurilish chiqindilarini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketavergan.
Sudda M. D.ning toifalangan hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini buzib, noqonuniy chiqindixona tashkil qilganligi, hududga chiqindilarni ma’lum mablag‘ evaziga joylashtirib kelganligi o‘z isbotini topdi. Fuqaro daryoga 126.433,70 m3 chiqindi tashlanganligi oqibatida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof-tabiiy muhitlarni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 202-sonli qaroriga asosan hisob-kitob natijalariga koʻra, davlat manfaatlariga 3 milliard 68 million 206 ming 171 soʻm miqdorda zarar yetkazgan.
Shuningdek, M.D. “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 22-moddasi hamda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunning 41-moddasini qo‘pol ravishda buzgan.
Sud Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 59, 61-moddalariga asosan huquqbuzarni 3 yil-u 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, undan davlat foydasiga 3 milliard 68 million 206 ming 171 soʻm zarar undirilishi belgilandi.
Sharhlar