Noqonuniy ov: joriy yilda 298 nafar shaxsga chora ko‘rilgan
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan noqonuniy ovning oldini olish maqsadida reyd tadbirlari doimiy o‘tkazib kelinadi, deb yozmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Reyd tadbirlari davomida “O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi”ning Аndijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari bo‘linmalari tomonidan ov yo‘llanmalarining to‘liq qaytarilishi nazoratga olinmagani ma’lum bo‘ldi. Natijada ovchilar tomonidan 2020–2022-yillar davomida jami 9690 ta ov yo‘llanmalari “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablariga zid ravishda foydalanilganidan so‘ng qaytarilmagan. Buning oqibatida ov yo‘llanmalaridan takroriy foydalanish hamda noqonuniy ov qilishga sharoit yaratib berilgan.
“Ekologiya vazirligi fuqarolardan kelib tushgan ko‘p sonli murojaatlar asosida birlashmaning Sirdaryo viloyati bo‘limi faoliyatini o‘rgandi. Natijada ov xo‘jaligining ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomasi amal qilish muddati 2022-yil 31-dekabrda tugagan bo‘lsa-da, xo‘jalik tomonidan 2023-yil davomida 25 ming bosh hayvonlarni ovlash uchun noqonuniy yo‘llanmalar sotilgani ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasi talablariga zid ravishda, 20 ta holatda mazkur xo‘jalik tomonidan sotilgan ruxsatnoma asosida ovchilar tomonidan taqiqlangan muddatlarda 49 ta yovvoyi qush ovlangan.
2023-yildagi nazorat tadbirlarida Respublika bo‘yicha ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish bilan bog‘liq jami 997 ta holat aniqlangan va 995 nafar shaxsga nisbatan 1,7 mlrd so‘mlik choralar ko‘rilgan. Bundan tashqari, 2024-yilning I va II-choraklarida ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish bilan bog‘liq 287 ta holatda 298 nafar shaxsga nisbatan 957 mln so‘mlik jarima belgilangan.
Ushbu qonun buzilishi holatlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallar taqdim etilgan bo‘lib, bugungi kunda huquqiy baho berilmoqda.
Ma’lumot uchun, 28-fevraldan yurtimizda “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq ov qilish muddati yakunlangan. Taqiq 15-avgustgacha davom etadi.
Sharhlar