Noqonuniy “Umra” tadbirlari reklamasidan ogohlikka chaqirildi

Joriy yilning 2-iyulida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi, deb xabar bermoqda Raqobat qo’mitasi matbuot xizmati.

O‘z navbatida, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat berilgan (litsenziyaga ega) turoperatorlar ro‘yxati e’lon qilingan bo‘lib, bunday litsenziyaga ega bo‘lmagan subyektlar tomonidan ushbu xizmatlarni ko‘rsatish taqiqlangan.

Tahlillarga ko‘ra, internet va ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq reklama axborotlari faollashganligi, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar bo‘lmagan holatda ushbu xizmatlar reklama qilinayotganligi kuzatilmoqda.

““Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish (reklamaning aylanishi) sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi va iste’molchilarni noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamadan himoya qiluvchi muhim me’yoriy hujjatdir”, – deyiladi xabarda.

Qonunning 16-moddasiga muvofiq tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.

Shu munosabat bilan, fuqarolarga “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan hamda tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlar xizmatlaridan foydalanishlari tavsiya etiladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.