Nukusda qo‘lbola usulda tayyorlangan “Qaratau” nomli alkogol mahsulotlari aylanmasiga chek qo‘yildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, oldindan kuzatuvga olingan fuqaro o‘z avtomashinasida “shartli xaridor”ga 120 shishada jami 60 litr “Qaratau” yozuvli qo‘lbola usulda tayyorlangan aroqlarni sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi. Bu haqda boshqarmaning matbuot xizmati yozmoqda.
Tadbir davom ettirilib, mazkur fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida, undan “YAMA” sifatida foydalanib kelinayotganligi hamda 240 dona shishada jami 140 litr “Qaratau” yozuvli qo‘lbola usulda tayyorlangan, qalbaki aksiz markalari bilan qadoqlangan alkogol mahsulotlari saqlanib kelinayotganligi fosh etildi.
“O‘tkazilgan huddi shunday yana bir tezkor tadbir davomida Nukus shahri hududida istiqomat qiluvchi fuqaro J.Kning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, gumon qilinganidek, ushbu xonadondan ham inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish va saqlashga ixtisoslashgan “YAMA” sifatida foydalanib kelinayotganligi fosh etildi”, – deyiladi xabarda.
Ushbu xonadonda 75,5 litr sifatsiz aroq mahsuloti saqlanib kelinayotgan bo‘lsa, xonadon egasining shaxsiy avtotransport vositasida esa o‘z xaridorlarini zaharlashga oshiqayotgan 144 dona shishada 72 litr sifatsiz aroq mahsulotlari borligi aniqlandi.
Yuqorida aniqlangan ikkita holatda jami 347,5 litr sifati kafolatlanmagan, qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan va qalbaki aksiz markalari yopishtirilgan aroq mahsulotlarining noqonuniy aylanmada bo‘lishining oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar