Nurshod Xudoyberdiyev hokimlikdan olinib, boshliqlikka tayinlandi
Xudoyberdiyev Nurshod Nurmamatovich Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar beradi.
Qayd qilinishicha, tayinlov Respublika qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘i bilan amalga oshirilgan.
Nurshod Xudoyberdiyev 1983-yilda Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2004-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Namangan viloyati «Suvnazorat» inspeksiyasida turli lavozimlarda ishlagan. 2015-2016-yillarda Mingbuloq tumani, Zardaryo irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2016-2017-yillarda «Norin-Sirdaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2017-2019-yillarda «Norin-Sirdaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Nurshod Xudoyberdiyev 2019-yildan 2024-yil avgust oyiga qadar Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimi lavozimida ishlagan.
2024-yil 17-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda bir necha tumanlar rahbarlari qatorida faoliyatida tizimi kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sabab Nurshod Xudoyberdiyev ham lavozimidan ozod etilgan edi.
Sharhlar