NYT: demokratlarning homiylari Bayden prezidentlik poygasidan chiqib ketmagunicha 90 mln dollarni muzlatib qo‘ydi
AQSh Demokratik partiyasining bir qancha yirik donorlari, partiya AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rniga prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun boshqa nomzod bilan almashtirilguniga qadar 90 million dollar miqdoridagi xayriyani to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda The New York Times manbalariga tayanib xabar beradi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, homiylar guruhi kutish va ko‘rish pozitsiyasini egallagan va prezidentlik saylovlarida demokrat nomzod aniq kim bo‘lishi ma’lum bo‘lmaganicha hech qanday qaror qabul qilmoqchi emas. The New York Times nashrining ta’kidlashicha, “bu Baydenning bahsdagi zaif faoliyati oqibatlarining yaqqol misollaridan biri”.
Nashr ta’kidlaganidek, bu holat iyul oyida Baydenning saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ish bilan bog‘liq vaziyatni yanada yomonlashtiradi, chunki ko‘plab yirik donorlar Amerika ma’muriyatining amaldagi rahbarining noyabrdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishiga shubha bildirishmoqda.
27-iyun kuni Jorjiya shtatining Atlanta shahrida Bayden va uning raqibi respublikachi Donald Tramp o‘rtasida teledebat bo‘lib o‘tdi. CNN tomonidan o‘tkazilgan tezkor so‘rov natijalariga ko‘ra, bahsni tomosha qilgan tomoshabinlarning uchdan ikki qismi g‘alabani Trampga bergan. The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, ularning fikriga ko‘ra, Baydenning teledebatdagi yomon chiqishi sababli Kongressdagi demokratlar orasida vahima boshlangan. Ayrim partiya vakillari ochiqchasiga prezidentni saylovoldi poygasidan voz kechishga va bu imkoniyatni yoshroq siyosatchiga topshirishga chaqirgan.
Sharhlar