O‘rtacha umr ko‘rish darajasini 78 yoshga yetkazish kerakligi ta’kidlandi
Majlisda kelgusi besh yilda iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini 85 foizga yetkazish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Bu borada 2 mingta korxonada davlat ulushini, 5 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyektini sotish, 16 ta yirik majmua aksiyalarini IPOga chiqarish talab etiladi. Hukumat 30 milliard dollarlik xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni ta’minlashi kerak.
Vazirlar Mahkamasi 2025-yilda “tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni tezlashtirib, ularning xarajatlarini 15-20 foizga qisqartirishi zarur. Bu borada 1 milliard dollarlik 18 ta davlat kompaniyasining ulushi berilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish lozim.
Prezident aholi soni ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Bu borada qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari, avvalo, meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirish, yangi urug‘ navlarini yaratib, importni 50 foizga qisqartirish bo‘yicha dasturlar bor.
Hukumat bu dasturlar ijrosini ta’minlab, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish, sohada eksport hajmi 10 milliard dollardan iborat bo‘lishi, suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yer maydonlarini 2 karra oshirish bo‘yicha ishni samarali tashkil etishi zarur.
Yangi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga 5 trillion so‘m, kanallarni betonlashga 800 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Prezident ta’kidlaganidek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportni rivojlantirish bo‘yicha katta dasturlarni samarali va to‘liq amalga oshirish – hamisha Hukumatning kun tartibida turishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalardir.
Eng avvalo, o‘rtacha umr ko‘rish darajasini 78 yoshga yetkazish uchun birlamchi tibbiy xizmatlarning aholi uchun qulayligi va sifatini oshirish zarur.
Xususan, 2025- yilda birlamchi bo‘g‘inda 3 million 700 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish, bu jarayonni raqamlashtirish orqali saraton kasalini erta aniqlash ko‘rsatkichini 85 foizga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi.
Hukumat mahallalardagi 18 mingta tibbiyot brigadalarini o‘qitish, 884 ming nafar bemorni uy sharoitida reabilitatsiya bilan qamrab olish bo‘yicha yangi tizimni joriy etadi. Shu bilan birga tug‘ruqxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 100 million dollar yo‘naltiriladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi va aholiga “kafolatlangan paket” asosida tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi kelgusi uch yilda barcha shahar, tuman va qishloqlar qamrab olinishi zarurligi qayd etildi.
Sharhlar