O’tgan 6 oy davomida 797,4 mlrd so‘mlik maqsadsiz va samarasiz xarajatlar aniqlandi
2024-yilning I yarim yilligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 150 mlrd so‘mlik ortiqcha va noqonuniy, 797,4 mlrd so‘mlik maqsadsiz va samarasiz xarajatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda Hisob palatasi.
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi oldidagi muddati o‘tgan kreditlar hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermerlar qarzdorliklarini qisqartirish borasida olib borilgan ishlar natijasida 1,5 trln so‘mlik qarzdorliklar bartaraf etilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va “O‘zsuvta’minot” AJda davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshirilayotgan 5 ta loyiha doirasida mablag‘lardan samarali foydalanish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati o‘rganilgan.
O‘rganish natijasi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni samarali tashkil etish uchun e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yo‘nalishlar hamda risklarni oldini olish yuzasidan 15 ta taklif va tavsiyalar yuborilgan.
Shuningdek, 2024-yil uchun Davlat budjeti xarajatlari ijrosi va yil yakunigacha mablag‘larni o‘zlashtirish imkoniyatlari qayta baholanib, 2,5 trln so‘m miqdoridagi mablag‘larni maqbullashtirish yuzasidan takliflar kiritilgan.
Vazirliklarda budjet mablag‘larini maqsadli sarflanishi bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda ishlar tashkil etildi:
- Birinchisi, budjet ijrosi jarayonida doimiy monitoring olib borish orqali maqsadsiz va samarasiz xarajatlarni oldi olinmoqda;
- Ikkinchidan, me’yoriy hujjatlardagi bo‘shliqlarni to‘ldirish hamda raqamlashtirishni kuchaytirish orqali xato va kamchiliklarning to‘liq oldini olish choralari ko‘rilmoqda;
- Uchinchidan, vazirliklarda “Situatsion markaz”lar tashkil etilib, risk-tahlillar o‘tkazish orqali noqonuniy xarajatlar barvaqt to‘xtatilmoqda.
Sharhlar