O‘tgan olti oyda ko‘chmas mulk savdosi 5,7 foizga qisqardi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘zining navbatdagi sharhida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni tahlil qildi.
Qayd etilishicha, 2024-yilning iyunida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni kamayib, jami 20,2 mingtani tashkil qilgan.
Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar hajmi 5,7 foizga pasaydi. Ammo hududiy kesimda vaziyat bir turli bo‘lmagan dinamika bilan xarakterlanadi. Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida faollik oshgani qayd etilgan.
Tahlil ko‘chmas mulk bozori beqarorligi va qisqa muddatli tebranishlariga ishora qilmoqda. Xususan, bir oy davomida faollik 6,4 foizga pasayib, ikki oylik ijobiy dinamika o‘rnini egalladi. May oyida sotuvlar 9 foizga, aprel oyida esa 11 foizga oshgan edi. Yil davomida sotuvlar deyarli 14 foizga pasaydi.
Iyun oyida hududlar kesimida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarning eng ko‘p pasayishi Sirdaryo, Buxoro va Andijon viloyatlarida kuzatilgan – mos ravishda 21 foiz, 20 foiz va 16 foiz.
Respublikaning aksariyat hududlarida sotuvlar pasayishiga qaramasdan, Toshkent shahrida ijobiy dinamika saqlanib qolgan. Hisobot davrida poytaxtda faollik deyarli 5 foizga o‘sgan.
Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7 foizga pasaygan. Mazkur pasayish ayniqsa, Navoiy viloyatida sezilarli bo‘lib, operatsiyalar 26,5 foizga qisqargan. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 13,8 foizni, Jizzax viloyatida 10,6 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, bir qator hududlarda ijobiy dinamika qayd etilgan. Xususan, 6 oy ichida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda eng ko‘p o‘sish Andijon (12,7 foiz), Xorazm (8,3 foiz) va Qashqadaryo viloyatlarida (6 foiz) kuzatilgan.
Sharhlar