Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga tabrik
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tabrigida milliy tilning xalqning tarixiy va madaniy merosini saqlashdagi roli alohida ta’kidlanib, davlat tilini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlar sanab o‘tildi. Xususan, ko‘plab idoraviy hujjatlarning davlat tiliga o‘tkazilgani, yangi so‘z va atamalarni tizimli ravishda iste’molga kiritish uchun Atamalar komissiyasi faoliyati takomillashtirilgani, hujjatlar lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tizimi joriy etilgani haqida so‘z bordi.
O‘zbek tilini o‘rganish va rivojlantirish uchun ko‘plab qomuslar, lug‘atlar va qo‘llanmalar chop etilgani, sun’iy intellekt asosidagi o‘zbekcha matnlarni qayta ishlash dasturlari va izohli lug‘atlar saytining yaratilgani haqida ham ma’lumot berildi. Shuningdek, maktab o‘qituvchilari uchun sertifikatlashtirish tizimi joriy etilib, maoshlarining oshirilishi rejalashtirilgani, badiiy tarjima sohasida xalqaro mukofot ta’sis etilgani va “Vikipediya”dagi o‘zbekcha ma’lumotlar hajmining oshgani e’tirof etildi.
Prezident tilni raqamli makonda rivojlantirish va axborot texnologiyalari sohasidagi yirik dasturlar tili sifatida o‘zbek tilini ilgari surish bo‘yicha oldimizda ko‘plab vazifalar borligini ta’kidlab, jamiyatni davlat tilini rivojlantirishga faol hissa qo‘shishga chaqirdi.
Sharhlar