O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiy davlatlar Parlament assambleyasining XIII yalpi majlisida ishtirok etishdi

Foto: Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiy davlatlar Parlament assambleyasining (TurkPA) Boku shahrida “Turk dunyosi uchun yashil ufqlar: yashil kun tartibini amalga oshirishda parlamentlarning roli” mavzusida o‘tkazilgan XIII yalpi majlisida ishtirok etdi.

Tadbirda TurkPAga aʼzo mamlakatlar parlamentlari rahbarlari, shuningdek, TurkPAning kuzatuvchi aʼzolari delegatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

“Ishtirokchilar “yashil” iqtisodiy o‘sishni taʼminlash, yashil energiyani joriy qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va bu borada parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar”, – deyiladi xabarda.

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi “yashil kun tartibi”  bo‘yicha parlamentlar darajasida hamkorlik keng istiqbollarga ega ekanligini alohida qayd etdi.

Tanzila Narbayeva yig‘ilish mavzusining dolzarbligini taʼkidlab, parlamentlarning ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlari, tegishli qo‘mitalarning muntazam hamkorligini taʼminlash zarurligiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi. Shuningdek, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va hukumatlarga taqdim etish amaliyotini keng joriy etish bo‘yicha fikrlarini bayon qildi.

TurkPA XIII yalpi majlisi yakunlari bo‘yicha Boku deklaratsiyasi qabul qilindi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.