O’zbekiston elchisi Chernogoriya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Foto: dunyo

Ikki tomonlama munosabatlar tarixida O’zbekistonning Chernogoriyadagi birinchi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oybek Shaxavdinov (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) 25-noyabr kuni Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Prezident qarorgohida bo’lib o’tgan tantanali marosimdan so’ng o’tkazilgan muloqot chog’ida O’zbekiston-Chernogoriya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, ularni yangi sifat bosqichiga olib chiqish bo’yicha istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Prezident Yakov Milatovich O’zbekiston xalqini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo’lida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tabriklab, yurtimizga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tiladi. Chernogoriya rahbari, shuningdek, O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islohotlar va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari muhimligini ta’kidladi.

Chernogoriya ikki tomonlama munosabatlar, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy sohalardagi salohiyatni yuqori baholaydi. Prezident sayyohlik va gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, O’zbekiston va Chernogoriya o’rtasidagi diplomatik munosabatlar 2006-yil 19-dekabr kuni o’rnatilgan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.