O‘zbekiston Prezidenti EXHT DIIHB missiyasi rahbarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 oktyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (EXHT DIIHB) parlament saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Duglas Ueykni qabul qildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda bo‘lajak parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.
O‘zbekiston bilan EXHT va uning institutlari o‘rtasida ochiq va samarali muloqot o‘rnatilgani, xususan, byuro bilan unumli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo‘lajak parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida DIIHB kuzatuvchilari missiyasi faol ishlayotgani yuqori baholandi. Byuro ekspertlari milliy saylov tizimini takomillashtirish jarayonida ishtirok etdilar. Ular bildirgan tavsiya va takliflarning aksariyati inobatga olinib, mamlakatimiz qonunchiligiga tatbiq etildi.
DIIHB vakili missiya faoliyatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Bu galgi saylov ilk bor yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining parlament va mahalliy vakillik organlarining rolini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qoidalari asosida aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi.
Sharhlar