O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonda havoning keskin sovib ketishi piyoz hosili nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin

EastFruit nashri ekspertlari ayni paytda eng yirik piyoz eksportchilari hisoblangan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston hududlarida ob-havo keskin sovib ketishi haqidagi prognozlarga e’tibor qaratdi.

Bu ushbu mamlakatlarning janubiy qismlarida mart oyidayoq yig‘im-terimi boshlanadigan piyoz hosiliga, shuningdek, karam va sabzi kabi boshqa sabzavotlar hosillariga ham xavf soladi. Bundan tashqari, danakli mevalar va yong‘oqlar ham xavf ostida qoladi.

Meva-sabzavot biznesi bo‘yicha xalqaro ekspert Baxtiyor Abduvohidov so‘zlariga ko‘ra, mintaqada so‘nggi vaqtlarda ob-havo juda iliq bo‘lib, kunduzi havo harorati Selsiy bo‘yicha 20 darajadan oshgan. Natijada ko‘pchilik hududlarda bodom gullashni boshlagan va boshqa mevali daraxtlar kurtak ochgan.

Ammo yaqin kunlarda Tojikistonning hatto janubiy hududlarida ham havo minus 7—10 darajagacha sovib ketishi kutilmoqda. O‘zbekiston va Qozog‘istonda esa tungi vaqtda minus 12—13 darajagacha sovib, kunduz kuni ham ayoz saqlanishi aytilmoqda. Piyoz esa allaqachon unib chiqqan, bu esa hosilning bir qismi nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Ammo haligacha hatto isitilmaydigan omborlarda saqlanayotgan piyozlarga zarar yetmasligi taxmin qilinmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.