“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida turli sohalarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini taqdirlash tizimini joriy etish maqsadida alohida davlat mukofotini ta’sis etish nazarda tutildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish va qonun hujjatlarida buning huquqiy asoslarini mustahkamlash, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi va “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, eksport qilish va yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchaga namuna bo‘ladigan hamda jamiyat hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini tizimli taqdirlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, ushbu unvonni ta’sis etish orqali tadbirkorlarning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasiga e’tiborni qaratish va baholash, katta yutuqlarga erishgan va jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal etishda faol ishtirok etayotgan tadbirkorlarni aniqlash hamda ularni taqdirlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va biznesga qiziqishni yuksaltirish maqsadiga erishiladi. Majlisda mazkur qonun loyihasi yuzasidan deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Sharhlar