О‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va MAGATE hamkorlikda onkologiya sohasining mutaxassislarini tayyorlash haqida kelishib olishdi
Venada Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) Bosh konferentsiyasining 68-sessiyasi doirasida О‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov va MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar yadro tibbiyoti, jumladan, radiatsiyaviy himoya, radiatsiya terapiyasi muassasalarini modernizatsiya qilish va diagnostik radiologiya sifatini oshirishni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama hamkorlik faol rivojlanayotganini qayd etdilar.
Toshkent shahridagi yangi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi uchrashuvning asosiy natijasi bo‘ldi. Ushbu loyiha О‘zbekistonda saraton kasalligini tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan.
Grossi mamlakatimizda onkologik xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdagi ushbu qadam muhimligini ta’kidladi va hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida Xudayarov Grossini yadro tibbiyoti sohasidagi yutuqlar bilan tanishish uchun О‘zbekistonga tashrif buyurishni taklif qildi.
Sharhlar