O‘zbekiston va Chexiya savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirmoqchi
O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi xodimlari Chexiya Sanoat va savdo vazirligi mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarini barcha jabhada faollashtirish va O‘zbekiston–Chexiya munosabatlari kun tartibini amaliy mazmun bilan boyitish maqsadida tashkil etildi.
“Unda Chexiya Sanoat va savdo vazirligi tashqi iqtisodiy departamenti direktori Martin Pospishil, Yevropa mamlakatlari boshqarmasining Sharqiy Yevropa, G‘arbiy Bolqon va Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i Matias Viktor, Chexiya Savdo-sanoat palatasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvi raisi va bosh direktori Frantishek Masopust ishtirok etdi”, – deb yozadi “Dunyo” AA.
Tomonlar ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi aloqalarini kengaytirish, O‘zbekistonda transport sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, hududlararo rivojlanish dasturlari doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti direktori Martin Pospishil mamlakatimiz hukumati delegatsiyasining Chexiyaga tashrifi yakunlarini yuqori baholadi. Shuningdek, u O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlarining shu yil 8-11-oktyabr kunlari Brno shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro mashinasozlik yarmarkasida ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi. Ushbu tadbir doirasida Chexiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazishni rejalashtirgan.
Muloqot chog‘ida mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va doimiy aloqalarni davom ettirish maqsadida maxsus platforma yaratish istiqbollari xususida fikr almashildi. Tomonlar o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston-Chexiya tadbirkorlari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forum yakunlarini ijobiy baholadilar.
O‘zbek va chex tadbirkorlari ishtirokidagi navbatdagi iqtisodiy tadbirni Chexiyada tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Sharhlar