O’zbekiston va Koreya IT sohasidagi sherikliklarini kengaytirmoqda
O’zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo’lib turibdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Inchon shahrida “Miso Information Technology” kompaniyasi vitse-prezidenti Nam Sangdo va ijrochi direktor Ming Kengil bilan uchrashdi.
Muloqot davomida kompaniya vakillariga bugungi kunda mamlakatda IT korxonalar uchun taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari, qulay infrastruktura, koreys tilida mukammal so’zlashuvchi IT mutaxassislari haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, IT Park tomonidan aynan bu borada xorijiy kompaniyalar uchun yengillik yaratish maqsadida “One Stop Shop” – kompaniyasini ochish va faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha yordam xizmati taqdim etilishi ta’kidlandi.
“Kompaniyalar “Zero Risk” dasturiga qatnashish orqali qo’shimcha qulayliklarga ega bo’lishi haqida ma’lumot taqdim etilib, hududlardagi malakali kadrlarning salohiyati to’g’risida axborot berildi”, – deyiladi xabarda.
Uchrashuv so’ngida vazir Sherzod Shermatov “Miso Information Technology” vakillarini 24-iyul kuni Toshkent shahrida bo’ladigan “GBS Forum” va 18-19-sentyabr kunlari o’tkaziladigan “ICT Week” xalqaro tadbiriga taklif qildi.
“Miso Information Technology” kompaniyasi 2006-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda kompaniyada 160 kishi ish bilan band. Uning asosiy ish faoliyati katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash (Big data storage), sun’iy intellekt bo’yicha tibbiyot sohasi bo’yicha yechimlar, “metavers” dasturlarni ishlab chiqish va ta’minotidan iborat.
Sharhlar