O’zbekiston va Xitoy tabiiy gaz qazib olish bo’yicha hamkorlik qilmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ tabiiy gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash va ushbu jarayonni yanada samarali tashkil qilish uchun Xitoy Xalq Respublikasining “CNPC” neft-gaz korporatsiyasi bilan qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirmoqda.
“CNPC” neft-gaz korporatsiyasi vakillaridan iborat delegatsiya O’zbekistonga keldi. Ushbu xizmat safarida ular “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari bilan o‘tkazgan muzokaralarda yangi loyihalar, texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Muborak hamda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida ham bo‘lib, qazib olish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Xizmat safari davomida mehmonlar Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Dengizko‘l” gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi hamda Siquv kompressor stansiyasini ko‘zdan kechirdi. Ular gaz quduqlarining holati va texnologiyalari bilan tanishar ekan, unda quduq tubidagi texnik quvurlarga yig‘ilib qolayotgan qatlam suvlarini bartaraf qilish uchun plunjer nasoslarini joriy etish bo‘yicha takliflarini ham o‘rtaga tashladi. Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining 20-sonli gaz yig‘uv joyidagi dastlabki tayyorlash texnologik qurilmalari va kompressor stansiyasi faoliyati ham delegatsiya e’tiborini tortdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “O‘zbekneftgaz” AJ va “CNPC” neft-gaz korporatsiyasi yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab oldi.
Sharhlar