O’zbekistonda biznes muhitining yaxshilanish holati qayd etildi
2024-yil avgust oyida Biznes muhiti Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada mingdan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi va bu iqtisodiyotning hozirgi holati to‘g‘risida asosiy xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Unga ko‘ra, biznes muhitining yaxshilanishi qayd etildi. Biznes muhiti indeksi o‘tgan oyga nisbatan 6 bandga yaxshilanib, 53 bandni tashkil etdi.
Joriy iqtisodiy holatni “yaxshi” deb baholagan respondentlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan 4 foiz bandga (f.b.) oshib, 41%ga yetdi.
Tadbirkorlarning 39%i so‘nggi uch oy ichida o‘z mahsulotlariga/xizmatlariga talab oshganini, bu iyul oyiga nisbatan 4 f.b.ga yuqori ekanligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, 29% tadbirkorlar kelgusi 3 oyda narxlarning oshishini kutayotganligini bildirgan, bu o‘tgan oy darajasidan 9 f.b.ga yuqori. Shu bilan birga, narxlarning tushishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi 8%da o‘zgarishsiz qoldi.
Biznes muhitining joriy holati indeksi o‘tgan oyga nisbatan 9 bandga o‘sib, 39 bandni tashkil etgan. Qishloq xo‘jaligi 12 bandga o‘sib, 47 bandni; sanoat 18 bandga o‘sib, 38 bandni va qurilish esa 17 bandga sezilarli tarzda o‘sib, 45 bandga yetgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida biznesning joriy holat ko‘rsatkichi 2 bandga o‘sib, 36 bandga yetgan.
Tadqiqot davomida tadbirkorlar tez-tez duch keladigan eng dolzarb muammolar aniqlandi. Xususan, moliyalashtirish muammolarini qayd etgan tadbirkorlar ulushi mos ravishda 3%ga va yuqori soliq stavkalarini qayd etganlar 2%ga kamaydi.
Shu bilan birga, soliq ma’murchiligidagi murakkablikni tadbirkorlikni rivojlantirishdagi asosiy to‘siq sifatida ko‘ruvchilar ulushi o‘zgarishsiz, 5% darajasida saqlanib qolgan.
Shuningdek, moliyalashtirishni biznes rivojidagi asosiy to‘siq deb biluvchi tadbirkorlar ulushining kamayishi kuzatilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich yanvar oyidagi 17%dan avgust oyida 10%gacha kamaygan.
Yuqori soliq stavkalari hali ham dolzarb bo‘lsa-da, sanoatda moliyalashtirish va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarning pasayishi kuzatilgan.
Qishloq xo‘jaligida boshqa muammolar kamayganiga qaramay, yer uchastkalari va litsenziyalar bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan tadbirkorlarning ulushi oshgan.
Qurilishda elektr ta’minoti va yuqori soliq stavkalari bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan.
Xizmatlar sohasida moliyalashtirish, yer uchastkalari, past talab va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kamayganligi aniqlangan.
Sharhlar