О‘zbekistonda mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlanadi
“Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, О‘zbekiston Respublikasida chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024–2030 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur tasdiqlandi.
Quyidagilar Milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi, jumladan:
- chang va qum bo‘ronlari oldini olish va oqibatlarini yumshatishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish;
- 2028-yilgacha kuchli chang bo‘ronlari hosil bo‘lish sur’atlarini hozirgi holatiga nisbatan 50 foizga qisqartirish.
2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stantsiyalarni o‘rnatish ishlari boshlanadi.
2026-yil 1-yanvardan Toshkentda o‘rnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.
2030-yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi.
Toshkent shahriga tutash tumanlardagi 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan ko‘mir yoqilg‘isining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi hamda bunday uskunalarni o‘rnatish uchun issiqxona xo‘jaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi.
2025–2030 yillarda Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbog‘” va “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.
2028-yildan “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilgan holda Yashil Markaziy Osiyo fondi va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini tashkil etishning kontseptual asoslari ishlab chiqiladi.
Sharhlar