O‘zbekistonda organik maydonlar kengayib, agrologistika markazlari faoliyat boshlaydi

Foto: Prezident press

Joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish doirasida 57 ming tonna sig‘imga ega 10 ta agrologistika markazi va 230 ming tonnalik sovutkichli omborxona ishga tushiriladi.

Shuningdek, viloyat hokimlariga yil oxirigacha 14 ming, kelasi yil 29 ming gektar intensiv bog‘ va tokzorlarni tashkil etish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, Qorako‘lda 300, Farg‘ona tumanida 200, Pop, Yangiqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida 100 gektardan sanoatlashgan bog‘lar tadbirkorlarga topshiriladi.

Mamlakatda organik mahsulotlar yetishtiriladigan 3 900 gektar maydonni 2025-yilgacha 10 ming, keyingi uch yilda esa 100 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan.

Fermerlarga yerlarni lazer bilan tekislash xarajatlarini davlat qoplaydi, sertifikat olish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi. Organik mahsulotlar uchun yirik savdo tarmoqlarida maxsus rastalar tashkil qilinadi.

Eksport geografiyasi kengayadi

O‘zbekiston mahsulotlari ilk bor Ummon bozorlariga chiqdi. Gilos, shaftoli va o‘riklar maxsus rastalarda sotilmoqda. Endi bu tajribani Malayziya, Saudiya Arabistoni, BAA, Koreya, Yevropa davlatlariga kengaytirish rejalashtirilgan.

Bank balansidagi foydalanilmayotgan issiqxonalar va muzlatkich omborlari tajribali tadbirkorlarga 3 yillik boshqaruvga beriladi. Samarali ishlatgan tadbirkorlar bu obyektlarni 10 yil ichida sotib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Mazkur islohotlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yangi bosqichni boshlab, mahalliy mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.