O‘zbekistonda psixologiya sohasida noqonuniy faoliyat olib borganlik uchun jarimalar joriy etiladi

Фото: гуманитарий

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi, deya xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining matbuot xizmati.

Hujjat O‘zbekiston aholisiga psixologik yordam ko‘rsatishni huquqiy tartibga solishni, jumladan, psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy tushunchalari mazmunini, psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari, vazifalari, turlari, shakllari va standartlarini huquqiy jihatdan mustahkamlashni nazarda tutadi.

Psixologik yordam ko‘rsatish standartlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi, psixologik yordam ko‘rsatuvchi yuridik shaxs rahbari esa psixologiya sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi shart, deyiladi xabarda.

Shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilash, bepul psixologik yordam oluvchi shaxslar toifalarini aniqlashtirish, psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi kasb-hunar birlashmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks psixologik yordam ko‘rsatish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qoidalar bilan to‘ldirildi.

Bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan psixologik yordam ko‘rsatish yoki psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga rioya qilmaslik fuqarolarga 5 dan 10 BHMgacha (1,7 mln so‘mdan 3,4 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslar uchun – 10 dan 15 BHMgacha (3,4 mln so‘mdan 5,1 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq ishlarni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqish taklif etiladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.