O’zbekistonda stomatologiya xizmatlarining 91 foizi xususiy klinikalar tomonidan ko‘rsatilyapti
Mamlakatda tibbiyotni rivojlantirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, bu orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli so‘nggi 8 yilda O’zbekistonda xususiy shifoxonalar 2,7 barobarga ko‘payib, ular soni 3 200 tadan 8 800 taga yetdi. Ular soni har yili o‘rtacha 500-600 taga ortmoqda.
Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarining barchasida ambulator, 1532 tasida statsionar xizmatlari tashkil etilib, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari 726 tadan 2 251 taga oshdi.
Ayni paytda mamlakatdagi barcha tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan o‘rin-joylarning 35 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni so‘nggi yillarda nodavlat tibbiyot klinikalarida statsionar shifo o‘rinlari soni sezilarli darajada ortib, 2024 yilda 42 744 tani tashkil etmoqda.
Ushbu ijobiy o‘zgarishlar tufayli bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida nodavlat tibbiyotning ulushi 30 foizga yetdi.
Jumladan, laboratoriya xizmatlarining 40 foizi, oftalmologiya va operativ oftalmologiyaning 60 foizi, LOR va endoskopik LORning 70 foizi va stomatologik tashxis hamda muolajalarning 91 foizi aynan xususiy klinikalar tomonidan ko‘rsatilyapti.
Sharhlar