O‘zbekistonda tabiat himoyachilari va eng toza mahallalar rag’batlantiriladi
Chiqindi va tozalash ishlari sohalari xodimlarini rag‘batlantirish, mahallalarni toza, chiqindilardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” va “Eng toza mahalla” tanlovlari o‘tkaziladi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-avgustdagi “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” va “Eng toza mahalla” tanlovlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 514-sonli qarorida belgilab qo‘yilgan.
Qarorga ko‘ra, “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovida sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug’ullanuvchi kamida 10 yil sadoqatli mehnat qilgan xodimlar qatnashishi mumkin.
Tanlov 1-sentabrda boshlanib, g‘oliblar 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida aniqlanadi va munosib taqdirlanadi. G’oliblarning davlat oliy ta’lim muassalariga o’qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga bir yillik kontrakt to‘lovi (bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdoridan oshmagan qismi) to‘lab beriladi.
“Eng toza mahalla” tanlovi esa har yili noyabr – yanvar oylarida tuman (shahar) saralash bosqichi, hududiy saralash bosqichi va respublika bosqichi shaklida o‘tkaziladi. Mazkur tanlov g‘oliblari 21-mart — Navro‘z bayrami arafasida munosib taqdirlanadi.
Tanlov natijalariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan g‘olib bo‘lgan mahallalarning tegishli jamg‘armasiga chiqindi yig’ish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlari o’rnatish hamda daraxt ekish uchun 500 million so’mdan pul mukofoti o‘tkazib beriladi hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil topshiriladi.
Bundan tashqari, sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilariga, ekofaollarga hamda jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga har oy 100 tadan velosiped va boshqa mukofotlar beriladi.
Bu kabi tanlovlardan maqsad aholi orasida ekologik bilim va madaniyatni targ‘ib qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish, soha fidoyilarini qo‘llab-quvvatlash, chiqindilarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik kerakligini ta’kidlashdir.
Sharhlar