Navoiyga tutash hududda “Yangi Navoiy” shahri qurilishi boshlandi
18-avgust kuni Navoiyda “Yangi Navoiy” nomli yangi shahar qurilishi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha Prezidentning hududlarda zamonaviy “Busines City” biznes markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Qurilish 2024-yildan 2040-yilgacha davom etadi va umumiy maydoni 1098 gektarni tashkil etadi, shundan birinchi bosqich 450 gektarni egallaydi.
Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad shaharning meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, sarmoyaviy jozibadorlikni oshirish, shuningdek, zamonaviy inshootlar qurish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirishdan iborat.
Uni amalga oshirish uchun Navoiy viloyatida “Yangi Navoiy shahar biznes markazi direksiyasi” maxsus davlat muassasasi tashkil etilib, unga Xoji Mamedov rahbarlik qilib, Farxod Komilov uning o‘rinbosari etib tayinlandi.
Loyiha doirasida yirik, zamonaviy biznes va turar-joy binolari, jumladan, ko‘p qavatli uylar, biznes markazlari, katta kutubxona, istirohat bog‘lari, sun’iy ko‘l va hunarmandchilik ustaxonalari barpo etish rejalashtirilgan.
Sharhlar