O’zbekistonda yuk vagonlarini ishlab chiqaruvchi zavod quriladi
Toshkent shahrida Sanoat energetika guruhi, “G‘allaaral Management” kompaniyasi va Slovakiyaning “AZC Orbis Invest” sanoat guruhi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Viktor Boretskiy hamda kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.
Unda tomonlar hamkorlik va ushbu imzolangan memorandum doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ushbu hujjatga asosan Jizzax viloyatidagi “G‘allaorol” maxsus sanoat zonasi hududida temir yo‘l yuk vagonlarini ishlab chiqaruvchi zavod quriladi.
“Ushbu loyiha kompaniyamiz va butun O‘zbekiston sanoati uchun muhim qadamdir. Yuk vagonlarini ishlab chiqarish zavodi logistika infratuzilmasini sezilarli darajada yaxshilaydi va transport operatsiyalari samaradorligini oshiradi”, –dedi Sanoat energetika guruhi bosh direktori To‘lqin Yusupov.
Ushbu quriladigan zavod vagon-sisternalar, xopperlar, yarimvagonlar hamda yopiq vagonlari singari har xil turdagi vagonlarni ishlab chiqarish bo‘yicha to‘liq liniyaga ega bo‘ladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 2 mingga yaqin vagonni tashkil etadi. Bunday imkoniyat O‘zbekiston logistika tizimi rivojida muhim ahamiyatga ega.
Slovakiyaning “AZC Orbis Invest” sanoat guruhi ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli ishga tushirish va yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan texnik tajriba va texnologiyalarni taqdim etadi. Yangi zavod hududning sanoat salohiyatini rivojlantirish va mamlakat logistika infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Sharhlar