O‘zbekistondagi nemis tili mutaxassislari malaka oshirish uchun Germaniyaga yuborildi
Vazirlar Mahkamasinig “O‘zbekistonda nemis tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish hamda yoshlarni Germaniyada kasbiy ta’limga yo‘naltirishga ko‘maklashish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, mamlakatda Nemis tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish markazini tashkil qilish, 168 nafar nemis tili mutaxassis-o‘qituvchilarini Germaniyada bilim va ko‘nikmalarini oshirishi hamda respublikaning barcha hududlarida nemis tiliga o‘qitish kurslarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Savdo-sanoat palatasi va Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar hamkorligi – “DUWK” byurosi tashabbusi bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tashqi migratsiya agentligi, O‘zbekistoning Germaniyadagi elchixonasi hamda Germaniyaning Saksoniya-Anxalt federal o‘lkasi va “Askania Future GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan loyiha doirasida nemis tili mutaxassislari 5 yil davomida bosqichma-bosqich Germaniyaga borib o‘zlarining til malakalarini oshirib, xalqaro toifadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritadi.
Savdo-sanoat palatasi huzurida mamlakatda xorijiy tillarni rivojlantirish, yoshlarni tilga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish, xususan nemis tilini keng targ‘ib qilish maqsadida “Kasbiy ta’lim va xorijiy tillarni rivojlantirish” nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu muassasada 100 dan ortiq o‘quvchilar nemis tilini o‘rganib kelmoqda.
Mazkur nodavlat ta’lim muassasasi va nemis hamkorlari tomonidan respublika bo‘ylab saralab olingan 28 nafar nemis tili mutaxassisi Germaniyaga yuborildi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida oliy ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan 28 nafar nemis tili o‘qituvchilari joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Germaniyaga malaka oshirish uchun yuboriladi.
Sharhlar