O‘zbekistonga yashirincha olib kirilmoqchi bo’lgan qushlarning 3 tasi halok bo’ldi
Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston faunasida mavjud bo‘lmagan qushlarni yashirin olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi.
Jumladan, Vetnamning Kamran shahridan uchib kelgan yo‘lovchilardan birining bagaji belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan 12 bosh qushlar borligi aniqlandi.
Meva qutisi orasiga yashirilgan, saqlash va tashish qoidalariga rioya qilinmagan tarzda olib kelingan sariq va oq bo‘yinli butaqushlarning hozirgi holatini mutaxassislar salbiy baholamoqda. Qushlardan 3 boshi allaqachon nobud bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan tekshiruvlar davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni, ularning qismlarini, shuningdek, yashash faoliyati mahsulotlarini olib kirish va chetga olib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ruxsatnomasi talab etiladi. Bunda arizachilar tomonidan hayvonning qonuniy sotib olinganligini yoki tutilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, jonzotlarning sog‘lom yoki kasallikka chalinganligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi xulosasi bo‘lishi talab etiladi.
Sariq va oq bo‘yinli butaqushlar asosan Janubiy va Sharqiy Osiyoda yashaydi va zaif tur hisoblanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qushlarning umumiy qiymati taxminan 60 mln. so‘mdan oshmoqda.
Sharhlar