O‘zbekistonni obro‘sizlantirgani uchun chet el fuqarolari mamlakatdan chiqarib yuboriladi

фото: mintrans.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kirituvchi qonunni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, o‘zgartishlar O‘zbekiston suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, adovatni qo‘zg‘atuvchi yoki O‘zbekiston sha’ni, qadr-qimmati va tarixini obro‘sizlantiradigan ommaviy chaqiriqlar yoki harakatlar sodir etgan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni “O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ro‘yxatiga kiritishni ko‘zda tutadi.

Ro‘yxat O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi. Mazkur ro‘yxatga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi, Senati Kengashi, maxsus vakolatli davlat organlarining taklifiga asosan amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga kiritilgan fuqarolarning mamlakatga kirishi taqiqlanadi. Shuningdek, ularga bank hisob raqamlari ochish, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi, ularga tegishli bo‘lgan mol-mulk bundan mustasno.

Chet el fuqarosining ushbu ro‘yxatda bo‘lish muddati – besh yil. Agar ushbu ro‘yxatga kiritish uchun asoslar bartaraf etilmasa, muddat besh yilga uzaytiriladi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.