O‘zbekistonning yangi elchisi Latviya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
17-iyun kuni O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi Timur Rahmonov mamlakat prezidenti Edgars Rinkevichga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar beradi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Latviya prezidenti Riga va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy muloqot va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik holatini yuqori baholadi. U 2023-yil oxiriga kelib O‘zbekiston Latviyaning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak baholanib, ularning natijalari Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinayotgani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, 13-mart kuni Timur Rahmonov O‘zbekistonning yangi elchisi sifatida Latviya poytaxtiga kelgan edi. U Rigadagi qarorgohi bilan O‘zbekistonning Latviyadagi (2019–2024) va o‘rindoshlik asosida Litva (2021–2024), Finlyandiya (2020–2024) va Estoniyada (2020–2024) elchi bo‘lib ishlagan Qadambay Sultonov o‘rniga tayinlandi.
Sharhlar