Toshkentda issiqlik va issiq suv tariflari oshishi sabablari ochiqlandi
Veolia Energy Tashkent MChJ XK issiq suv va issiqlik taʼminoti uchun tariflar oshishi sabablariga oydinlik kiritdi. 12-sentabrda Xalq deputatlarining Toshkent shahar Kengashi tomonidan aholi va yuridik shaxslar (budjet tashkilotlari bundan mustasno) uchun tariflarni 15%ga oshirish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
Qayd etilishicha, tariflarning oshishiga issiqlik va issiq suv ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan energiya resurslari – gaz va elektr energiyasi narxlarining oshishi taʼsir ko‘rsatgan.
2023-yilda korxonalar uchun elektr energiyasi tariflari bir necha barobarga oshdi. Ushbu qo‘shimcha harajatlarni qoplash uchun 2023-yil 2-dekabrdan boshlab budjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun tariflar oshirildi.
Ammo shunga qaramay, 2023/2024-yilgi isitish mavsumi tugagunga qadar aholi uchun tarif o‘zgarishsiz qoldi. 2024-yil 2-apreldan boshlab tarif 15%ga oshdi, shunda ham bu energiya resurslari narxining oʻsish sur’atidan sezilarli darajada past. Bu 2019-yildan buyon aholi tarifining ilk oshishi edi. Ko‘rib turganingizdek, biz narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tariflar o‘sishini asta-sekin va bir maromda amalga oshirishga intilmoqdamiz, deyiladi xabarda.
Subsidiyalar haqida
Amaldagi aholi tarifi, bazaviy tarifning 16%ni qoplaydi. Kutilayotgan 15% o‘sishdan keyin esa 18%ni qoplay boshlaydi. Qolgan qismi doimgidek davlat subsidiyalari bilan qoplanadi.
Yangi tariflar qachon kuchga kiradi?
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori — yangi tarifni tasdiqlash va qo‘llash bo‘yicha oraliq bosqich hisoblanadi. Keyingi qadamlar:
1. Kengashning qarori koʻrib chiqish uchun Toshkent shahar hokimiga yuboriladi.
2. Hokim qarorining loyihasi tanishish va jamoatchilik muhokamasi uchun www.regulation.gov.uz portalida eʼlon qilinadi. Muhokama muddati — 15 kun.
3. Yakuniy qarorni Toshkent shahar hokimi imzolaydi. Tariflar mazkur qaror e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun oʻtgach kuchga kiradi.
Tariflarning kuchga kirish sanasi Veolia Energy Tashkent kompaniyasining rasmiy resurslarida va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
“Biz tariflarning oshirilishi katta yuklama ekanligini tushunamiz. Ammo Veolia Energy Tashkent kompaniyasi hamma kabi tannarximizni tashkil etuvchi energiya narxiga bog‘liqligini inobatga olishingizni so‘raydi. Tariflarni oshirish majburiy qadamlardan biri. Biz iqtisodiy voqelik va fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash oʻrtasidagi muvozanatni saqlab qolish uchun imkonimiz doirasidagi barcha choralarni amalga oshirmoqdamiz”, deyiladi xabarda.
Sharhlar