Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyat samaradorligi oshiriladi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-968-son, 30.09.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko’ra, Prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligi yanada oshiriladi.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat budjetidan undiruvlar bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etish huquqini, shuningdek davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksiga prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bog‘liq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, davlat budjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Fuqarolik protsessual kodeksida, Iqtisodiy protsessual kodeksida va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida prokurorning sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida prokuror tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar bo‘yicha kassatsiya protesti, taftish tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli sudlardan ishlarni talab qilib olishga bo‘lgan huquqi belgilanmoqda, shuningdek mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish yakunlari bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish tartibi aniqlashtirilmoqda.
Sharhlar