Raqobat qo‘mitasi telekommunikatsiya xizmatlari operatorlarini ogohlantirdi
Raqobat qo‘mitasiga 2024-yilning 9 oyi davomida telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularni o‘rganish natijasida ortiqcha olingan (hisoblangan) 115 mln so‘m mablag‘ iste’molchilarga qaytarilishi ta’minlandi.
Murojaatlarda asosan, aloqa sifatining qoniqarsizligi, hisob-kitoblarning noto‘g‘ri yuritilishi va ortiqcha qarzdorlik hisoblanishi, abonent roziligisiz qo‘shimcha xizmatlarga hamda reklama maqsadidagi SMS xabarlar yuborilayotganligi, shu jumladan pullik kontent xizmatlarga ulab qo‘yilganligi, qo‘shimcha moliyaviy va savdo xizmatlari ko‘rsatishda shartnoma shartlarini va tovar yetkazib berish muddatlarini buzilishi, xizmat narxlarining va tarif shartlarining o‘zgarganligi (oshishi) kabi muammolar bildirilgan.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarning huquqlarini ta’minlash va qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida, telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’ektlar, shu jumladan, mobil aloqa operatorlarini ogohlantirgan holda qonunchilikda belgilangan majburiyatlari va iste’molchilar huquqlarini eslatib o‘tadi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart hisoblanib, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida reklamani tarqatishga faqat, basharti abonent oldindan rozilik bersa, yo‘l qo‘yiladi.
Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish Qoidalariga muvofiq, mobil aloqa xizmatlarini taqdim etishda xizmatlarning pullik ekanligi to‘g‘risida abonentlarni oldindan xabardor qilmasdan ayrim pullik xizmatlar uchun to‘lov undirilgan holda ushbu xatti-harakat ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun undirilgan to‘lovga tenglashtiriladi hamda operator (provayder) abonentni alohida haq evaziga ko‘rsatiladigan qo‘shimcha telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishga majburlashga haqli emas.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektning yoki bir guruh shaxslarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi hamda taqiqlanadi.
Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarning huquq va manfaatlari ustuvorligini ta’minlash maqsadida, telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’ektlarni, shu jumladan mobil aloqa operatorlari va kontent xizmatlarni taqdim etuvchi sub’ektlarni amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya etgan holda faoliyat olib borish yuzasidan qat’iy ogohlantiradi.
Sharhlar