Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirildi

Foto: “Dunyo” AA

So‘nggi kunlarda Saudiya Arabistonining ayrim hududlarida, jumladan, Makka va Madina shaharlarida kuchli yomg‘ir va shamol kuzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Xususan, 28—29-avgust kunlari Madina shahrida kuchli shamol esib, shiddatli yomg‘ir yog‘gani sabab suv toshqinlari kuzatildi. Shahardagi bir qator yirik ko‘cha va yo‘llarga, avtomobillarga jiddiy zarar yetdi. Ayrim turar joy binolari suv ostida qoldi.

Ayni paytda Saudiya Arabistoni Milliy meteorologiya markazi va fuqaro muhofazasi bosh boshqarmasi Madina shahri va uning atrofidagi hududlarda kuchli yog‘ingarchilik tufayli ogohlantirish darajasi qizil ranggacha ko‘tarilganini e’lon qildi. Bunday ob-havo sentabr oyining birinchi o‘n kunligiga qadar davom etishi mumkinligi ma’lum qilingan.

Fuqaro muhofazasi bosh boshqarmasi fuqarolar va xorijlik mehmonlarni momaqaldiroq va kuchli shamol vaqtida ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Dovul tufayli qirollikdagi maktab, kollej va universitetlarda darslarni onlayn tarzda o‘tkazishga qaror qilindi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.