Bugun Parijda XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi
Bugun, 26-iyul kuni Parij shahrida XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
26-iyul – 11-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur yirik sport anjumanida jahonning 206 ta mamlakatidan 10 ming nafardan ortiq sportchi ishtirok etadi. Quvonarlisi, ular safida yurtimizning 90 nafar eng mohir atleti 19 ta sport turining 75 ta yo‘llanmasi doirasida “Parij-2024” medallari uchun kurash olib boradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi yozmoqda.
Ta’kidlanishicha, olimpiyachilarimizning 36 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lib, bu yil an’anaviy sport turlaridan tashqari ilk bor futbol, suvga sakrash, kamondan otish, ayollar kurashi bahslarida ishtirok etmoqdamiz.
Sportchilarimiz tarkibida 4 nafar Olimpiada chempionlari — Ulug‘bek Rashitov (taekvando), Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika), Bahodir Jalolov (boks), Hasanboy Do‘smatov (boks) ishtirok etadi.
Delegatsiyamiz bayroqdorlari — Abdumalik Xalokov (boks) va Zaynab Dayibekova (qilichbozlik).
Atletlarimizning eng yoshi katta a’zosi Olga Zabelinskaya (44 yosh, velosport) hisoblansa, eng yoshi kichkinasi — Amaliya Mamedova (15 yosh, badiiy gimnastika)dir.
Quvonarlisi, Temur Kapadze boshchiligidagi O’zbekiston olimpiya terma jamoasi futbolimiz tarixida ilk bor bunday nufuzli musobaqada ishtirok etmoqda. Vakillarimizga guruh bahslarida Yevropa grandi — Ispaniya, Ehromlar yurti — Misr hamda Dominikan Respublikasi futbolchilari raqiblik qilyapti.
E’tiborlisi, bu yilgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi birinchi marta stadion tashqarisida o‘tkaziladi. Tadbirda 10 ming 500 nafar sportchi Sena daryosi bo‘ylab qayiqlarda Parij markazidan suzib o‘tadi.
Ushbu ochiq havo konsepsiyasi “Parij-2024”ni tomoshabinlar soni va geografik qamrovi jihatidan eng katta ochilish marosimiga aylantirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan so‘nggi yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 3 ta oltin, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
Sharhlar