Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati

2-iyul kuni Olimpiya shon-shuhrati muzeyida yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva, Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan joriy yilning 26-iyul – 11-avgust kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarning har tomonlama tayyorligi va muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash maqsadida barcha shart-sharoitlar yaratib berilgani ta’kidlanib, Davlat rahbari yigit-qizlarni turnir davomida ham qo‘llab-quvvatlab turishlari ma’lum qilindi.

Mamlakat tarixida ilk bor futbol jamoasi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani ham alohida qayd etildi.

Shuningdek, tadbir davomida Olimpiya o‘yinlarida mamlakat delegatsiyasining bayroqdorlari – bokschi Abdumalik Xaloqov va qilichboz Zaynab Dayibekovaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i topshirildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.