Psixologiya bo’yicha oliy ma’lumotiga ega bo’lmagan shaxslar aholiga psixologik yordam ko’rsatolmaydi
“Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-989-son, 05.11.2024 y.) qabul qilindi.
Unga ko‘ra, psixologik yordam – tang (krizisli) vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga, shaxslararo munosabatlarni hamda ruhiy salomatlikni yaxshilashga, shaxsiyatni rivojlantirishga yoki insonning ijtimoiy moslashuvini yaxshilash uchun psixologik ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan, psixologik yordam ko‘rsatish standartlariga muvofiq amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.
Psixologik yordam davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi psixologlar yoxud ushbu sohada xususiy tartibda faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan bepul yoki pullik asosda ko‘rsatiladi.
Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilarning psixologik salomatligini saqlash, sog‘lom psixologik muhit yaratish va ularning shaxsiy rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida psixologik yordam ko‘rsatish tashkil etiladi.
Shaxs psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi tadqiqotlarga yoki ilmiy tajribalarga faqat ixtiyoriy ravishdagi yozma roziligi yoki o‘z qonuniy vakillarining yozma roziligi olinganidan keyin jalb etilishi mumkinligi belgilandi.
Psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
Shaxsning psixologik yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilganligi fakti, psixologik yordam natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va psixologik yordam ko‘rsatish chog‘ida olingan boshqa ma’lumotlar psixologning kasbiy sirini tashkil etadi hamda shifokor siriga tenglashtiriladi.
Shuningdek, psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Sharhlar