Olmaliqda 10 dan ortiq o‘quvchilar filtrlanmagan suvdan zaharlandi
Olmaliqda 10 dan ortiq maktab o‘quvchilari suv ichib, o‘tkir ichak kasalligida gumonlanib, shifoxonaga murojaat qilishgan.
Bolalar ombudsmani xabariga ko‘ra, Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari maktab hududidagi filtrlanmagan suv iste’mol qilishi natijasida sog‘lig‘idan shikoyat qilib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan. Joriy yilning 15-sentyabr kunidan 19-sentyabr kuniga qadar 12 nafar o‘quvchi o‘tkir ichak kasalligiga gumon qilingan.
Aniqlanishicha, hozirda maktab o‘quvchilarining sog‘lig‘i ijobiy bo‘lib, ularning 7 nafariga uyida davolanishga javob berilgan.
Holat yuzasidan Sog‘liqni Saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilib, suvdan, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa vositalardan kimyoviy tahlil uchun namunalar olindi.
Shuningdek, mazkur vaziyat viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan o‘rganilmoqda. Hozirda holat yuzasidan Olmaliq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Sharhlar