O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord ko‘rsatkichga yetdi
Joriy yilning 1-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $39,15 mlrdga yetdi, deb xabar bermoqda Spot Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib.
Avgust oyida xalqaro aktivlar qiymati $1,75 mlrdga yoki taxminan 4,7%ga oshgan. Hozir bu 2018-yildan statistik ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan beri maksimal darajalardan biridir.
Buning asosiy sababi oltin zaxiralarining o‘sishda davom etishida bo‘ldi. Uning qiymati yana rekordni yangiladi — $30,39 mlrd yoki o‘tgan oyga nisbatan $1,24 mlrdga ko‘p.
Shu bilan birga, zaxiralarning sof hajmi 0,1 mln troy unsiyaga (4,1 tonna) kamayib, 12 mln troya unsiyasini (373,2 tonna) tashkil etdi. Uning jahon bozorlaridagi narxi unsiyasi uchun $2550dan oshdi, biroq keyin biroz pasaydi.
Markaziy bankning xorijiy hisobvaraqlaridagi naqd valyuta hajmi $502,9 mlnga oshib, $8,15 mlrdga yetdi. Shundan $408,3 mlni boshqa Markaziy banklar va XVFda, qolgan $7,74 mlrdi esa boshqa xorijiy moliya institutlarida saqlanadi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar narxi yana biroz oshgan holda $35,5 mlnni tashkil etdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi chorakda regulyator tomonidan oltin xaridi 19%ga oshgan.
O‘z navbatida, Jahon oltin kengashi (WGC) O‘zbekiston qimmatbaho metallarni sotishdan xarid qilishga o‘tganini qayd etdi. Markaziy bank dunyoda oltinning asosiy xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Sharhlar