O‘zbekistonda ombudsmanning vakolatlari kengaytirilishi mumkin

Источник: пресс-служба Законодательной палаты Олий Мажлиса

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasi 9 bob, 56 moddadan iborat. Qonun loyihasi bilan Ombudsmanning institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida xalqaro tajribani o‘rgangan holda unda Ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarini moneliksiz va samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilanmoqda.

Shuningdek, Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruza Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda. Davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida Ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis palatalariga axborot taqdim etish tartibi mustahkamlanyapti.

Ishchi guruh yig‘ilishida qonun loyihasidagi normalar deputatlar, Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda mutaxassislar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Yakunda ishchi guruh tomonidan qonun loyihasini Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun kiritishga kelishib olindi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.