O‘zbekistonda 6 oy ichida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 8 ma’muriy, 13 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) tomonidan joriy yil 6 oyida amalga oshirilgan ishlar haqida Bolalar ombudsmani axborot xizmati rahbari Rushana Aliakbarova ma’lumot berdi.
– Bolalar ombudsmaniga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan 471 murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarning 227 tasi yoki 48,2 foizi Bolalar ombudsmani kotibiyati qabulida, shundan Bolalar ombudsmani shaxsiy qabulida 87 murojaat qabul qilingan. Qolganlari Prezidentning Virtual qabulxonasi, pochta va telefoni orqali qabul qilingan.
Shaxsan bolalardan kelib tushgan murojaatlar 26 ta bo‘lib, bunda voyaga yetmagan qiz bolalarning ulushi 17 tani tashkil etgan. 25 murojaat jamoaviy yuborilgan.
465 murojaat O’zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan, 3 tasi chet el fuqarosi tomonidan, 3 tasi Rossiya Federatsiyasining Bola huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan yo‘llangan.
O’z navbatida, kelib tushgan murojaatlarning 422 tasi Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. 15 tasi tegishliligi bo‘yicha yuborildi.
Nazoratga olingan murojaatlarning 101 tasi ijobiy hal etildi. 198 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. 123 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.
Murojaatlar mazmuniga keladigan bo‘lsak, ularning asosiy qismi bolani zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga oid bo‘ldi.
Murojaatlar tahliliga ko‘ra, ularning eng ko‘pi Toshkent shahar (170), Toshkent viloyati (76) va Qashqadaryo viloyatidan (55) kelib tushgan bo‘lsa, eng kam murojaat Qoraqalpog‘iston Respublikasi (6), Namangan (9) va Andijon (10) viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlarining buzilishiga oid murojaatlar yuzasidan davlat organlariga 402 so‘rov kiritildi.
Bolalar ombudsmani so‘rovi va kuzatuvi doirasida mutasaddi idoralar tomonidan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 8 ma’muriy hamda 13 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 6 nafar bola O’zbekiston Respublikasiga qaytarildi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar yuzasidan Bolalar ombudsmani va tegishli organlar bilan hamkorlikda 54 holat bo‘yicha o‘rganish olib borilib, huquqiy choralar ko‘rildi.
Sharhlar