Yil boshidan buyon O‘zbekiston aeroportlari orqali yo‘lovchilar oqimi 36 foizga oshdi
“Uzbekistan Airports” AJ asosiy faoliyat ko‘rsatkichlarini taqdim etdi. Unga ko‘ra joriy yilning birinchi yarmida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha sezilarli o‘sish qayd etilgan.
6 oy davomida respublika aeroportlarida 53 ming 303 ta reys amalga oshirilgan. Shundan 16 ming 319 tasi ichki yo‘nalishga, 36 ming 984 tasi esa xalqaro yo‘nalishga to‘g‘ri keladi. O’tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 37 foizni tashkil etgani qayd etilgan.
Yanvar-iyun oylarida O’zbekiston aeroportlari 6 million 369 ming 384 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Jumladan, ichki reyslarda 1 million 263 ming 304 nafar, xalqaro reyslarda 5 million 106 ming 80 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan 2023 yilning shu davriga nisbatan o‘sish 36 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, 2024 yilning birinchi yarmida 40 ming 269 tonna yuk va pochta jo‘natmasiga xizmat ko‘rsatilgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 18 foizga ko‘pdir.
Bugungi kunda respublika aeroportlariga 84 ta yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi qatnovi amalga oshirilmoqda, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko‘proqdir. Bu ko‘rsatkich yangi aviatashuvchilarni jalb qilish va bir vaqtning o‘zida bir nechta yangi yo‘nalishlarni ochish hisobiga oshdi. Shuningdek, may oyida Madriddan Toshkent va Urganchga sayyohlik charter reyslari yo‘lga qo‘yildi. “Uzbekistan Airports” AJ 45 ta aviakompaniya bilan hamkorlik qilmoqda.
Sharhlar