O‘quvchidan ro‘molini yechishni talab qilgan direktor jarimaga tortildi

Foto: videodan nusxa

OAVlarda “Farg‘onada maktab direktori o‘quvchi qizni dars vaqtida kaltakladi” sarlavhasi ostida xabar tarqalgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Buvayda tumani Maktab va Maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli Xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabda joriy yilning 17-may kuni algebra darsida 7-sinf o‘quvchisi N.M. (qiz bola, 2010-yilda tug‘ilgan) sinfdosh o‘rtog‘i X.X. (o‘g‘il bola) bilan og‘zaki tortishgan.

Bir oz vaqt o‘tganidan so‘ng sinf xonasiga maktab direktori Q.R. (ayol) kirib kelgan, algebra o‘qituvchisi unga o‘quvchilar tortishganini aytgan. Maktab direktori R.Q. qizdan sinfdoshi bilan nima uchun janjallashganini, maktabga nega diniy libosda kelganligini so‘rab, ro‘molni yechishni aytgan. N.M. maktab direktoriga go‘yoki gap qaytarib, ro‘molini yechmasligini aytgani uchun direktor qizni urib, jarohat yetkazgandi.

Mazkur holat yuzasidan Buvayda tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib,  qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish materiallari Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan joriy yilning 27-may kuni maktab direktori R.Q. MJtKning 41 moddasi (Haqorat qilish) hamda 52-moddasi 2-qismi (Yengil tan jarohati yetkazish) bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan BHMning 10 barobar miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Avvalroq, maktab o’quvchisini samosud qilgan shaxs bir yarim yilga qamalganligi haqida xabar bergan edik.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.