“Orzu” – bu inson ijodkorligi va sun’iy intellektning uyg‘unlashuvi
Yoshlar ishlar agentligi tomonidan Toshkent Fotosuratlar uyida ko‘zi ojiz bolalarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, ijodiy qobiliyatini rivojlantirish maqsadida, ular tomonidan tasvirlangan fikrlar asosida yaratilgan asarlar ko‘rgazmasi va sotuvi ilk bor O‘zbekistonda “Orzu” loyihasi nomida tashkil qilindi.
“Orzu” – bu inson ijodkorligi va sun’iy intellektning maxsus uyg‘unlashuvidir. Tashkilotchilarning bizga bergan ma’lumotlariga qaraganda, sur’atlar ko‘zi ojiz bolalar bilan psixolog va jurnalistlarning suhbatlari asosida sun’iy intellekt yordamida paydo qilingan. Shuningdek, “Sharm studio” rassomlari tomonidan qog‘ozga mahorat bilan ko‘chirilgan.
Ko‘rgazma doirasida turli xil ko‘rinish va nomdagi 20 ta rasm hamyurtlarimiz va sayyohlardan tashkil topgan mehmonlar tomonidan sotib olindi.
Auksionda eng qimmatga baholangan rasm xitoylik sayyoh Janob Yi sotib olindi. “Ushbu rasmda baland tog‘lar va sharsharalar tasvirlangan. Bu esa mening yurtimizda do‘stlik ramzi hisoblanadi. Shuning uchun ham eng qimmat narxga bo‘lsa ham uni sotib oldim”-deydi xitoylik mehmon rasmni olganidan xursand bo‘lib.
Ko‘rgazma doirasida bo‘lib o‘tgan sur’atlar auksionida faol qatnashib ikkita ijod asarini sotib olgan sobiq bolalar jarrohi Mahmud Asomov “Orzular sari intilish” sur’atini 6 mln so‘mga “Hayot so‘qmoqlari” nomli asarni esa 8 mln so‘mga sotib oldi. “Agar ushbu sur’atlar 20 mln so‘m bo‘lganda ham sotib olardim, chunki ular shunchaki mo‘yqalam bilan chizilgan chizgilar emas. Sur’atlar dunyoni bor ranglari bilan ko‘r olmagan bolalarning orzu-umidlari, intilishlaridir. Ular shubhasiz bebaho”, – deydi suhbatlarimiz davomida.
Auksion davomida eng arzon sotilgan sur’at 4 mlnni tashkil qilgan bo‘lsa, eng qimmat baholangan sur’at “Sirli ertak” bo‘lib u xitoylik mehmonga nasib qildi.
Eslatib o‘tamiz, sur’atlar 30-iyunga qadar ko‘rgazmada saqlab qolinadi. Undan so‘ng esa pochta orqali o‘z egalariga jo‘natib yuboriladi.
Sharhlar