Osiyo taraqqiyot banki O’zbekistonga perinatal markazlarni zamonaviylashtirish uchun 100 million AQSH dollari ajratmoqda

Фото: uzreport.news

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O’zbekistonga homilador ayollar va chaqaloqlar uchun perinatal tibbiy xizmatlarni yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida 100 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli qarz ajratadi.

Bankning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukovning so‘zlariga ko‘ra, OTB O‘zbekistonning ayollar va bolalar salomatligini asrash hamda onalar va chaqaloqlar o‘limi darajasini kamaytirish uchun yuqori sifatli perinatal tibbiy xizmatlarni ta’minlashga qaratilgan intilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Kompleks perinatal yordam loyihasi O’zbekiston bo‘ylab 230 ga yaqin perinatal markazlarni zamonaviy energiya samarador tibbiy uskunalar, yangilangan klinik standartlar va protokollar bilan ta’minlash, tibbiyot xodimlarining salohiyati va xizmatlar sifatini oshirishga yordam beradi.

Shuningdek, loyiha perinatal yo‘naltirish tizimini yaxshilash hamda homiladorlikni nazorat qilish va salomatlik xavflarini erta aniqlash uchun elektron bemor kartalarini joriy etish orqali perinatal yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Loyiha doirasida bank tomonidan ayollarning xabardorligini oshirish hamda homilador ayollar va onalarni tibbiy xizmatlardan foydalanishga undash va buning uchun akusherlar va hamshiralarni o‘qitishga ko‘maklashish ko‘zda tutilmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.