O‘t pufagi saratoni kimlarda ko‘p uchraydi
O‘t pufagi saratoni — kam uchraydigan onkologik kasallik. U odatda 50 yoshdan oshgan kishilarda aniqlanadi. Asosiy xavf guruhiga mansub toifa — ayollar.
Bu patologiyani keltirib chiqaruvchi sabablar ko‘p bo’lib, o‘t-tosh va jigar kasalliklari, o‘t pufagi poliplari va infeksiyalari, surunkali xoletsistit, chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, noto‘g‘ri ovqatlanish, semizlik, kimyoviy kanserogenlar muhitida ishlash kabi omillar shular jumlasidan.
Xastalik chog‘ida qorin og‘rig‘i, ayniqsa, qorinning yuqori o‘ng qismida shishish, tana harorati ko‘tarilishi, sababsiz vazn yo‘qotish, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, terida qichishish, badanda, peshob va axlatda sarg‘ayish belgilari kuzatiladi.
Ammo ushbu alomatlar boshqa xastaliklar simptomlari bilan juda o‘xshashligi tufayli ko‘pincha bu patologiyaga kech bosqichda tashxis qo‘yiladi. Oqibatda bemorning salomatligi va hayoti jiddiy xavf ostida qoladi.
Kasallikning to‘rt rivojlanish bosqichi bor. Ilk bosqichda o‘simta faqat o‘t pufagining shilliq qavatiga, ikkinchi bosqichda mushak qavatiga ta’sir qiladi. Biroq u boshqa organlarga tarqalmaydi.
Uchinchi bosqichda neoplazma o‘t pufagidan tashqarida o‘sib, limfa tugunlariga ta’sir qiladi. So‘nggi bosqichda xavfli o‘sma jigar bo‘ylab tarqaladi.
Agar bemorda o‘t pufagi saratoni erta bosqichda aniqlansa, bu darddan to‘liq xalos bo‘lish ehtimoli yuqori. Muolajalar kasallik bosqichiga, salomatlik ko‘rsatkichlariga ko‘ra individual ravishda beligilanadi.
Ko‘p hollarda jarrohlik aralashuvi qo‘llanilishi mumkin. Bunda o‘t pufagi, uni o‘rab turgan to‘qimalar, hatto jigar va limfa tugunlarining bir qismi olib tashlanishi ham mumkin. Bundan tashqari, kimyoterapiya yoki radioterapiya, ba’zi hollarda ikki muolaja usuli kombinatsiyasi ham qo‘llaniladi.
Sharhlar