Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti etib saylandi
Hindistonning Nyu-Deli shahrida o’tayotgan Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning 44-Bosh Assambleya kun tartibiga muvofiq, tashkilotning rahbarlik lavozimlariga saylovlar boʻlib oʻtdi. Tashkilotni vaqtinchalik boshqarib borayotgan Raja Randxir Singx OOK Prezidenti etib saylandi. Shuningdek, 5 ta mintaqaga vitse-prezidentlar ovoz berish yoʻli bilan aniqlab olindi.
Ahamiyatli tomoni, Otabek Umarov Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afgʻonistondan iborat Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha tashkilot vitse-prezidenti etib saylandi. Bungacha Otabek Muhammadaliyevich muddati qisqa boʻlgan davr – Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha vitse-prezident edi. Bu vaqtinchalik lavozim musobaqa yakunigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidentlik doimiy xarakterga ega va endi hamyurtimiz butun qitʼamizdagi 5 mintaqadan birida Olimpizm rivojiga masʼul boʻladi.
Qayd etish joiz, Otabek Umarovning soʻnggi yillarda sport boshqaruvida erishgan muvaffaqiyatlari alohida eʼtirof etilib, bugun yanada masʼuliyatli lavozimga saylandi va endi u butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi Olimpizm harakatining rivojiga masʼul boʻladi.
Sharhlar